Qozog‘iztonda AES qurilishi bo‘yicha referendumida o‘tkazilgan ekzitpol natijalari e’lon qilindi
Referendum natijalariga ko‘ra, aholi tomonidan AES qurilishi qo‘llab-quvvatlandi. Saylovchilarning 64 foizi ovoz berish jarayonlarida qatnashdi.
Qozog‘istonda Atom elektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha referendumda o‘tkazilgan ekzitpol natijalari e’lon qilindi. Unga ko‘ra, fuqarolarning 69,8 foizi AES qurilishini yoqlab, 30,2 foizi qarshi ovoz bergan, deb yozmoqda “Tengrinews.kz”.
Ekzitpol (inglizcha “exit-poll” soʻzidan olingan) – jahon sotsiologik amaliyotida fuqarolardan soʻrov oʻtkazish uchun qoʻllaniladigan tartib boʻlib, ovoz berishdan keyin saylov uchastkalaridan chiqishda sotsiologik xizmatlar tomonidan amalga oshiriladi.
Atom elektr stansiyasi bo‘yicha referendum 6-oktyabr, yakshanba kuni soat 7:00 dan 20:00 gacha bo‘lib o‘tgan. Referendum oʻtkazuvchi Markaziy komissiya maʼlumotlariga koʻra, saylovchilarning dastlabki ishtiroki 63,87 foizni tashkil qilgan. Jami 7 820 918 kishi ovoz bergan.
Ovoz berish jarayonlarida yetakchi – 82,48 foiz bilan Qizilo‘rda viloyati bo‘lsa, keyingi o‘rinlarda Turkiston viloyati – 75,31 foiz va Aqto‘be viloyati – 75,11 foiz qayd etilgan.
Ma‘lumot uchun, Qozog’istonda AES qurish bo’yicha o‘tkazilgan referendum natijalari mamlakat energetik strategiyasining kelajagi uchun muhim hisoblanadi.