Endi haydovchilar Nyu-York markaziga kirish uchun 9 dollar to’lashlari kerak bo’ladi
2025-yil 5-yanvardan boshlab, Nyu-Yorkning eng gavjum hududi — Manxettenga kirish uchun avtomobil haydovchilari 9 dollar miqdorida to'lov qilishlari kerak. Ushbu yangi tizimning joriy etilishi, shaharning transport tizimidagi tirbandlikni kamaytirish va jamoat transporti tizimini rivojlantirish uchun moliyaviy manbalar yaratish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Nyu-York shahar hukumati tomonidan joriy etilgan yangi tizimga ko‘ra , yengil avtomobillar uchun kirish narxi 2,25 dollardan boshlanib, eng tiqilinch vaqtlarida 9 dollargacha ko‘tariladi. Kichik yuk mashinalari va ba’zi avtobuslar uchun narxlar tiqilinch vaqtda 14,4 dollarni tashkil etadi, kechki soatlarda esa bu summa 3,6 dollarga kamayadi.
Bu pulli kirish tizimi 2028-yilgacha amal qiladi va undan keyin tariflar oshirilishi mumkin. Shahar hukumati ushbu chora orqali nafaqat tirbandlikni kamaytirishni, balki ommaviy transport tizimini rivojlantirish uchun mablag‘ to‘plashni ham rejalashtirgan.
Nyu-York shtati gubernatori Keti Xokul bu taklifni ikki yil avval hukumatga taqdim etgan edi. Biroq, rejalar bir necha bor qayta ko‘rib chiqilgan va uning joriy etilishi bir necha marta kechiktirilgan. 2024-yil iyunida taqdim etilgan dastlabki rejalar Nyu-York aholisining kutilmagan salbiy oqibatlarga duchor bo‘lishi mumkinligi sababli to‘xtatilgan edi.
Bundan tashqari, yangi tizimga qarshi bo‘lganlar orasida Nyu-York taksistlar assotsiatsiyasi va AQShning sobiq prezidenti Donald Trump ham bor. Trump o‘z prezidentlik vakolatini boshlagach, bu rejani bekor qilishni va’da qilgan.
«INRIX» kompaniyasining ma’lumotlariga ko‘ra, Nyu-York so‘nggi ikki yil davomida dunyodagi eng katta tirbandlikka ega bo‘lgan shahar hisoblanadi. 2024-yilning birinchi choragida Manxetten markazida avtomobillar soatiga faqat 17 kilometr tezlikda harakatlanishi kuzatilgan.




