Janubiy Koreya O‘zbekistonda quruqlik portlari quradi
Janubiy Koreya bilan hamkorlikda O‘zbekistonning ikki viloyatida quruqlik porti qurilishi bo‘yicha texnik-iqtisodiy asoslash (TIA) ishlab chiqiladi. Shu yilning 9-avgustida boshlangan loyiha 13 oyga mo‘ljallangan bo‘lib, 2025-yil 12-sentyabrda yakunlanadi.
O‘zbekiston Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazi va Koreya Respublikasi Okeanlar va baliqchilik vazirligining Port investitsiyalar departamenti vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda Transport vazirligi matbuot xizmati.
Uchrashuvda logistika infratuzilmasini yaratish va modernizatsiya qilish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bilan bog‘liq jihatlar ko‘rib chiqilgan. Xususan, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida quruqlik porti va ichki terminallarni qurilishi bo‘yicha texnik-iqtisodiy asoslashni (TIA) ishlab chiqish masalalari muhokama etilgan. 2024-yil 9-avgustda boshlangan loyiha 13 oyga mo‘ljallangan bo‘lib, 2025-yil 12-sentyabrda yakunlanadi.
Uchrashuv yakunida tomonlar Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida quruq portlar barpo etish loyihalarining texnik-iqtisodiy asoslanishini birgalikda ishlab chiqish bo‘yicha Hadli bitimni imzolagan.
Ma‘lumot uchun, 2024-yil mart oyida O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi Koreya Respublikasi Okeanlar va baliqchilik vazirligi bilan birgalikda Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida ichki terminalning texnik-iqtisodiy asoslanishini ishlab chiqish bo‘yicha so‘rov bilan chiqqan.
Loyihaning maqsadi ushbu hududlarda quruq portni rivojlantirish bo‘lib, bu mamlakatning logistika infratuzilmasini yaxshilashga yordam beradi. Ichki terminallarning tashkil etilishi O‘zbekistonning logistika mustaqilligini oshirish va uning Markaziy Osiyodagi asosiy logistika markazi sifatidagi rolini mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘ladi. Loyihaning amalga oshirilishi transport infratuzilmasini sezilarli darajada yaxshilashi, shuningdek, «Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi» maqsadlarini qo‘llab-quvvatlagan holda mintaqaga yangi investitsiyalarni jalb qilishi kutilmoqda.