Qurilish vaziri Botir Zokirov lavozimidan ozod etildi
2019-yildan buyon qurilish va uy-joy kommmunal xoʻjaligi vaziri lavozimida ishlab kelgan Botir Zokirov sogʻligi tufayli vazifasidan ozod etildi. Uning birinchi oʻrinbosari Sherzod Hidoyatov vazir vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtkazilgan iqtisodiy oʻsish surʼatlarini taʼminlash yuzasidan birinchi yarim yillikda amalga oshirilgan ishlar va kelgusi vazifalarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri Botir Zokirov ishdan olindi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
Qayd etilishicha, vazirning lavozimidan ozod qilinishiga uning sogʻligi bilan bogʻliq holati sabab boʻlgan. Vazir vazifasini bajaruvchi lavozimiga esa ayni paytgacha Zokirovning birinchi oʻrinbosari boʻlib ishlagan Sherzod Hidoyatov tayinlandi.
Maʼlumot uchun, Botir Zokirov 1963-yilning 28-iyulida Toshkent shahrida tugʻilgan. Toshkent politexnika institutini (hozirgi Toshkent davlat texnika universiteti) quruvchi-muhandis mutaxassisligi boʻyicha tamomlagan.
Mehnat faoliyatini 1980-yilda Toshkent instrumental zavodida boshlagan. 1985-1990-yillarda “Toshsantexmontaj” trestida faoliyat yuritgan. 1990-yilda “12-trest” qurilish shirkatida ish boshlab, chilangarlikdan boshqaruv kengashi raisi lavozimigacha koʻtarilgan. 2011-yilda prezident farmoni bilan bosh vaziri oʻrinbosari – Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisi etib tayinlangan.
2019-yil 31-avgustdan esa davlat rahbarining farmoniga muvofiq, qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri lavozimida ishlab kelayotgandi.