Rossiyaning Nijniy Novogorod viloyatida oʻzbekistonlik migrantlarga patent berish toʻxtatildi
Nijniy Novogorod viloyatiga vizasiz mamlakatlar, jumladan, O‘zbekistondan kiruvchi shaxslarga mehnat patentini berish 1-oktyabrdan to‘xtatildi. Patentni avvalroq olgan migrantlar faoliyatini davom ettirishi va zarur bo‘lganda uni qayta rasmiylashtirishi mumkinligi ma’lum qilindi.
Rossiyaning Nijniy Novogorod viloyatida 2024-yilning 1-oktyabridan boshlab ushbu viloyatga vizasiz mamlakatlardan kelgan xorijiy davlatlar fuqarolari, jumladan, oʻzbekistonliklarga mehnat patenti berish toʻxtatildi. Bu haqda Oʻzbekistonning Rossiyadagi elchixonasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur hududda avvalroq patent olgan fuqarolar mehnat faoliyatini daom ettirishi va zarur boʻlganda patentni qayta rasmiylashtirishi mumkin.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq “Meduza” nashri Rossiya Prezidenti administratsiyasidagi manbalariga tayanib Rossiya hukumati jamoatchilik eʼtiborini boshqa muammolar, xususan, Ukrainadagi urush va narxlarning qimmatlashuvidan chalgʻitish uchun migrantlarga nisbatan choralarni kuchaytirayotgani haqida xabar bergan edi.
Maʼlumot uchun, ayni paytda Rossiyada 1 milliondan ortiq Oʻzbekiston fuqarolari mehnat qiladi. Ayni paytda mamlakatning 20 ta hududida xorijlik ishchilarning mehnat qilishiga nisbatan cheklovlar joriy qilingan.
Masalan, Moskva viloyatida migrantlar bundan buyon umumiy ovqatlanish muassasalariga ishga joylasha olmaydi, alkogol va tamaki sotolmaydi. Chelyabinsk viloyatida esa migrantlarning umuman savdo sohasida, shuningdek, avtomashina ustaxonalarida ishlashi man etilgan.