O‘zbekistonda ipoteka bozori susaymoqda
To‘qqiz oyda 11 726,7 milliard soʻmlik ipoteka kreditlari ajratilgan. Ipoteka oluvchilar soni qariyb 20%ga kamaygan. Shuningdek, yoshlar orasida ipoteka olish koʻpaygani kuzatilgan.
2024-yilning yanvar-sentyabr oylarida 11 726,7 milliard soʻmlik ipoteka kreditlari ajratilgan. Bu 2023-yilning 9 oyiga nisbatan 490,3 milliard soʻmga kam hisoblanadi. Bu haqda ma’lumot Markaziy bank e’lon qilgan statistikada keltirilgan.
Ipotekaning qisqarishi barcha manbalar Moliya vazirligi mablagʻlari (193,3 milliard soʻm qisqarish), banklarning oʻz mablagʻlari (222,0 milliard soʻm qisqarish) hamda Ipotekani qayta moliyalash kompaniyasi (78,5 milliard soʻmilk qisqarish) mablagʻlari hisobidan qisqargan.
Jumladan, asosiy bozor makoni boʻlgan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida Ipoteka qisqarishi yaqqolroq sezilgan. Toshkent shahrida ajratilgan ipoteka 3 764,6 milliard soʻmdan 3 536,9 milliard soʻmgacha, Toshkent viloyatida esa 960,5 milliard soʻmdan 648,7 millird soʻmgacha qisqargan. Toshkent shahridan keyingi yirik bozorlar bu Samarqand va Fargʻona viloyatlari.
Ipoteka oluvchilar soni qariyb 20%ga, 42 790 nafargacha kamaygan (10 653 nafarga kam).
Shuningdek, ipoteka oluvchilar orasida yoshlar (18-30 yoshlilar) koʻpaygani qayd etildi (19%dan 27%gacha oʻsgan).