Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2025-yilning 1-fevralidan boshlab O‘zbekistonning barcha viloyatlaridagi quyidagi obyektlarda elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari qurilishi rejalashtirilmoqda:
- davlat idoralari;
- savdo va biznes markazlari;
- koʻngilochar va dam olish maskanlari;
- avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari;
- mehmonxonalar
- xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yoʻllari boʻyidagi infratuzilma obyektlaridagi avtoturargohlar.
Bunda, avtoturargohlarning kamida 5 foizi ( lekin, bitta joydan kam boʻlmagan holda) quvvatlantirish stansiyalarini joylashtirish uchun ajratiladi.



Shuningdek, 22 kVt quvvatga ega stansiyalarni yakka tartibdagi va ko‘p kvartirali uy-joylar hududida, shu jumladan, koʻp kvartirali uy- joylar avtoturargohlarida o‘rnatish rejalashtirilgan.
Tadbirkorlik subyektlari ko‘p kvartirali uy-joylarning faqat avtoturargohlarida stansiyalar oʻrnatishi lozimligi belgilanmoqda.
Stansiyalarni oʻrnatish joylari “K-SAVDO ” AAT orqali elektron onlayn-auksionga chiqargan holda ijaraga beriladi. O‘rnatish joylari quyidagi toifalarga ajratiladi:
- stansiyalarni qurish uchun barcha sharoitlar mavjud boʻlgan oʻrnatish joylari — “yashil” toifa;
- stansiyalar uchun qoʻshimcha kommunikatsiya tarmoqlarini qurish talab etiladigan oʻrnatish joylari — “sariq” toifa.
“Sariq” toifadagi o‘rnatish joylariga qo‘shimcha kommunikatsiya tarmoqlarini qurish ishlari auksion g‘oliblari tomonidan amalga oshiriladi.
Stansiyalar oʻrnatiladigan hududlar 120 oygacha foydalanish huquqi asosida auksion orqali sotiladi yoki ijaraga beriladi.
Ijaraga beriladigan joyda 6 oy mobaynida auksion gʻolibi tomonidan stansiyalar oʻrnatilmagan taqdirda, ijara shartnomasi belgilangan tartibda bekor qilinib, yer uchastkasi, koʻchmas mulk ( koʻchmas mulkning bir qismi) qaytadan auksionga chiqariladi.


