Асосий мазмунга ўтиш
10август · Душанба USD 11 952,10 ▲ +0,3% EUR 13 779,58 ▲ +0,2% RUB 145,21 ▼ −0,7% Маълумот: Марказий банк
Иқтисодиёт ва молия

Prezident O‘zbekiston havo yo‘llari aholini rozi qiladigan darajaga yetmaganini aytdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 26-noyabr kuni temiryo‘l va aviatsiya sohasidagi davlat kompaniyalarida olib borilayotgan transformatsiya jarayonlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Taqdimotda O‘zbekiston havo yo‘llari (Uzbekistan Airways) va aeroportlar tizimining rivojlanishi muhim ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston havo yo‘llari hali aholini to‘liq rozi qiladigan darajaga yetmagan. Xalqaro reyting olish va tashqi bozorga chiqish jarayoni kechikmoqda. Natijada, tannarx yuqoriligi sababli chipta narxlarida sezilarli o‘zgarish yo‘q, va xarajatlarni qisqartirish bo‘yicha chora-tadbirlar samarasi past. Shu sababli, tizimda transformatsiyani jadallashtirish uchun konsalting kompaniyasini jalb qilib, aniq dastur va «yo‘l xaritasi» ishlab chiqish topshirig‘i berildi.

Shuningdek, taqdimot davomida“Uzbekistan Airways” tizimida aviaqatnovlar 25%ga oshgan. Mahalliy yo‘nalishlarda samolyotlar soni 8 taga, ichki qatnovlar 2,5 barobarga oshgan. Markaziy Osiyodagi xalqaro tashuvlarda milliy aviakompaniya ulushi 20%ga yetdi. Yillik yo‘lovchi tashish ko‘rsatkichi 6 milliondan oshishi kutilmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmatiFoto: Prezident matbuot xizmati

 

Aeroportlar boshqaruvida xususiy sektor ishtirok etmoqda. Samarqand aeroporti xususiy boshqaruvga o‘tkazilgach, parvozlar va yo‘lovchilar soni 5 barobarga oshdi. Endi Navoiy, Namangan, Andijon, Buxoro va Urganch aeroportlarida ham shunday natijalarga erishish maqsad qilingan.

Yil yakunigacha aeroportlarda qo‘shimcha xizmatlarni ikki baravarga oshirish va daromadni 25%ga ko‘paytirish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, xalqaro bozor resurslarini mustaqil jalb qilish, Navoiy aeroporti terminalidan to‘liq foydalanishni amalga oshirish zarur.

Prezident, shuningdek, temiryo‘l va aviatsiya sohasida raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish, tashish jarayonlarini tezlashtirish va tannarxni kamaytirish bo‘yicha samarali choralar ko‘rishni topshirdi. Soha rahbarlariga, yangi investitsiyalarni jalb qilish, infratuzilmani rivojlantirish va iqtisodiy natijadorlikni oshirishni ta’minlash bo‘yicha alohida vazifalar yuklandi.

Eslatib o’tamiz, avvalroq kelasi yildan Toshkent jamoat transportida yo‘lkira narxini oshirish rejalashtirilgan edi. Yangi tarif bo‘yicha, bir yo‘lovchi uchun cheklangan narx 3 ming so‘mni tashkil etadi. Agar to‘lov elektron shaklda amalga oshirilsa, 1 700 so‘m miqdorida to‘lov yechiladi.