Binance kripto-birjasi O‘zbekistonda mahalliy «CoinPay» MChJ orqali ish boshlaydi. «CoinPay» MChJ kripto-aktivlar sohasida litsenziyaga ega bo‘lgan rasmiy provayder hisoblanadi. Ushbu hamkorlik tufayli O‘zbekiston foydalanuvchilari Binance platformasiga coinpay.uz sayti orqali kira oladilar.
Bundan tashqari, foydalanuvchilar o‘z mablag‘larini bank kartalari va milliy to‘lov tizimlari orqali milliy valyutada kiritish va chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Tizim ishga tushgandan so‘ng, milliy to‘lov tizimlari bilan integratsiyalashgan platformalar orqali ish olib boriladi. Bu haqda qo‘shimcha ma’lumotlar yaqin orada rasmiy manbalarda e’lon qilinadi.
2024 yilda Binance kripto-birjasi O‘zbekiston qonunlariga rioya qilmagani uchun agentlik tomonidan jarimaga tortilgan edi. Sud jarayoni natijasida birja 300 bazaviy hisoblash miqdoridagi jarimani to‘lagan.
Agentlik yana bir bor ta’kidlaydiki, O‘zbekistonda kripto-aktivlar bilan bog‘liq operatsiyalarni faqat milliy provayderlar orqali amalga oshirish zarur.


