2025-yilda YIMning 6% o‘sishi, inflyatsiya miqdori 7% bo‘lishi prognoz qilindi
Oʻzbekiston iqtisodiyoti 2024-2025-yillarda 6 foizga hamda 2026–2027-yillarda tegishincha 6,1 foiz va 6,3 foizga oʻsishi prognoz qilingan. Shuningdek, inflyatsiya 2027-yilga borib 5 foizgacha pasayishi kutilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining “2025-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasi va Budjetnomasi e‘lon qilingandi. Budjetnomada davom etayotgan murakkab geosiyosiy va tashqi iqtisodiy vaziyatlarga qaramasdan Oʻzbekiston iqtisodiyoti 2024-2025-yillarda 6 foizga hamda 2026–2027-yillarda tegishincha 6,1 foiz va 6,3 foizga oʻsishi prognoz qilingan.
Bunda, sanoat mahsulotlarining oʻsish surʼati 2024-yilda 6,9 foizni, 2025-yilda 6,1 foizni, 2026-2027-yillarda tegishincha 6,2 foiz va 6,1 foizni, qishloq xoʻjaligida ishlab chiqarishning oʻsish surʼati 2024-2025-yillarda 4,1 foizni, 2026-yilda 4,2 foiz va 2027-yilda 4,3 foizni hamda bozor xizmatlarining oʻsish surʼati 2024-yilda 14 foizni, 2025-yilda 14,5 foizni, 2026-2027-yillarda 15 foiz atrofida boʻlishi prognoz qilingan.
Shu bilan birga, global iqtisodiy noaniqliklar va geosiyosiy ziddiyatlar tufayli tashqi xatarlar saqlanib qoladi. Oʻzbekistonda inflatsiya darajasi 2024-yilda 9 foiz atrofida boʻlishi, 2025-yilda 7 foiz boʻlishi va 2027-yilga kelib 5 foizgacha pasayishi prognoz qilingan.
Mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan bir qator farmon va qarorlar qabul qilinishi natijasida 2024-yilgi Davlat budjeti xarajatlari qayta koʻrib chiqilib, xarajatlar tasdiqlangan budjetga nisbatan 1,5 foizga oshishi kutilmoqda. Bunda, konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligining YIMga nisbatan 4 foizdan
oshmasligi taʼminlanadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasining “2025-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasi 17 ta modda va 10 ta ilovadan iborat. 2025-yil uchun Davlat budjeti loyihasi va 2026–2027-yillar uchun budjet mo‘ljallari asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozi asosida ishlab chiqilgan.