Smartfon inqilobi: OpenAI sun’iy intellektli smartfon ishlab chiqarmoqchi
Apple kompaniyasining sobiq yetakchi dizayneri Joni Ayv OpenAI bosh direktori Sem Altman bilan sun’iy intellekt imkoniyatlariga ega yangi smartfon ustida ishlamoqda. Loyihaga 1 milliard dollarga yaqin sarmoya kiritilgan.

Joni Ayvning ismi bugungi kunga kelib Apple’ning dizayn innovatsiyalari nomi bilan sinonimga aylanib ulgurgan. Ayv birinchi rangli iMac’lardan tortib bugungi minimalistik uslubdagi iPhone va MacBook’largacha bo‘lgan mashhur qurilmalarning yaratilishiga hissa qo‘shgan. U 2019-yilda Apple’ni tark etgan, ammo foydalanuvchilarning texnologiya bilan munosabatini sezilarli darajada o‘zgartirishi kutilayotgan “qurilma” bilan qaytishi kutilmoqda.
“The New York Times” xabar berishicha, Ayv va OpenAI rahbari Sem Altman generativ AIga asoslangan yangi qurilmani yaratish istiqbollarini muhokama qilgan. Ushbu yondashuv an’anaviy dasturiy ta’minotdan farq qiladi, chunki sun’iy intellekt judayam murakkab muammolarni hal qilish imkoniyatlariga ega hisoblanadi. Bu esa foydalanuvchilar uchun smartfon bilan ishlashda ancha ustunlik beradi.
Loyiha tafsilotlari haligacha sir saqlanmoqda. Qurilma kontekstni tahlil qilish va foydalanuvchi ehtiyojlariga moslashish imkonini beruvchi kameralar, mikrofonlar va sensorlar bilan jihozlanishi kutilmoqda. Masalan, smartfon foydalanuvchi uydan chiqib ketayotganda avtomatik ravishda ovozli buyruq orqali qo‘ng‘iroq qilish yoki taksi xizmatiga buyurtma berish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ayv va uning jamoasi yangi mahsulot iPad va boshqa Apple qurilmalari o‘z davrida bo‘lgani kabi, hisoblash texnologiyalarining rivojlanishida muhim bosqich bo‘lishiga umid qilmoqda.




