Qaysi smartfonning quvvati uzoqroqqa yetadi?
Ikki YouTube blogeri oʻz blogida ayni paytdagi smartfonlarning quvvati toʻxtamay ishlatganda qanchaga yetishini test qilib koʻrdi. Natijalar test metodologiyasiga qarab ikki blogerda turlicha chiqqan. Eng yuqori koʻrsatkich 18 soat 6 daqiqani tashkil etgan.
YouTubeʼdagi “Tomʼs Guide” va “Mrwhosetheboss” kanallari mualliflari bir-biridan mustaqil ravishda smartfonlarning batareya quvvatining ishlash davomiyligini test qilib koʻrdi.
Dastlab “Mrwhosetheboss” kanali boshlovchisi Arun Maini ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish, YouTubeʼda video tomosha qilish, oʻyinlar oʻynash va fotosuratlar olish orqali iPhone va Samsung smartfonlarini sinovdan oʻtkazgan boʻlsa, “Tomʼs Guide” kanali asoschisi Tom Pritchard sinovni ekran yorqinligini 150 ga koʻtargan holda 5G internetni ishlatish bilan olib borgan.
Arun Mainining sinovida birinchi boʻlib iPhone 15 ning quvvati tugagan – 7 soat 45 daqiqa. Testda iPhone 16 – 8 soat 19 daqiqa, iPhone 16 Pro – 8 soat 19 daqiqa, iPhone 16 Plus – 8 soat 45 daqiqa natija qayd etgan.
Ikkinchi oʻrinni iPhone 16 Pro Max seriyasi 11 soat 22 daqiqa koʻrsatkich bilan egallagan boʻlsa, Samsung Galaxy S24 smartfoni quvvati eng koʻp – 12 soat 31 daqiqaga dosh bergan.
Tom Pritchardning testida esa natijalar biroz farq qilgan. Unga koʻra, iPhone 16 Pro Max smartfonining quvvati eng uzoq muddat – 18 soat 6 daqiqaga yetgan. Ikkinchi oʻrinni esa Xitoyning Oppo kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan OnePlus 12 smartfoni band etgan – 17 soat 41 daqiqa. Galaxy S24 – 16 soat 46 daqiqa, S24 Ultra esa – 16 soat 45 daqiqa natija qayd etgan.
Maʼlumot uchun, yuqorida test qilib koʻrilgan smartfonlardan batareya sigʻimi eng yuqori boʻlgani OnePlus 12 (5400 amper/soat) hisoblanadi. Undan keyingi oʻrinlarda esa mos ravishda Google Pixel 9 Pro XL (5060 amper/soat), Galaxy S24 Ultra (5000 amper/soat) turadi.