Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi “Maxam-Chirchiq” AJga nisbatan mineral oʻgʻitlar narxlarining asossiz oshirilishi boʻyicha ish qoʻzgatdi. Bu haqda qoʻmita matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, “Maxam-Chirchiq” AJda ishlab chiqarilgan mineral oʻgʻitlar narxini shakllantirishda normativ hujjatlarga amal qilinmagani natijasida narxlar oʻrtacha 10 foizdan 15 foizgacha oshgani aniqlangan. Ushbu omil qishloq xoʻjaligi korxonalariga (fermer, klaster, dehqon va boshqalar) bevosita taʼsir qilib, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari narxlari oshishiga olib kelishi mumkinligi aytildi.
Shunga koʻra, qoʻmita tomonidan “Maxam-Chirchiq” AJga nisbatan “Raqobat toʻgʻrisida”gi qonunning buzilishi alomati boʻyicha ish qoʻzgʻatildi.
Avvalroq Raqobat qoʻmitasi tomonidan madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning kiyim doʻkoni reklamasida qatnashishi yuzasidan oʻrganish ishlari olib borilayotgani maʼlum qilingandi. “Lukoil” kompaniyasiga nisbatan esa birjada narxlarni manipulyatsiya qilish alomati yuzasidan ish ochilgan. Shuningdek, elektr hisoblagichlarining elektr tokini ortiqcha hisoblayotgani boʻyicha muammolarni hal etish uchun tezkor guruh tuzilgandi.


