Raqobat qo’mitasi tomonidan “Ipotekabank”ga nisbatan ish ochildi
“Ipotekabank” tomonidan joriy qilingan omonat turi boʻyicha ijtimoiy tarmoqqa joylashtirilgan reklama postida omonatning muhim shartlari ochib berilmagani aniqlangan. Reklamaning bunday koʻrinishda taqdim etilishi foydalanuvchilarni chalgʻitishi mumkin, deb topildi.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi “Ipotekabank”ga nisbatan reklama qonunchiligining buzilishi alomati boʻyicha ish ochdi. Bu haqda qoʻmita matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, bank tomonidan Instagram ijtimoiy tarmogʻida “Super” omonat turi boʻyicha joylangan reklama postida omonatning yillik foiz ustamasi 26 foizdan ekani koʻrsatilgan.
Ammo oʻrganish davomida ushbu omonat turining shartlari reklamada koʻrsatilganidan farq qilib, mijozlardan kassa orqali depozitga qabul qilingan naqd pul mablagʻlari boʻyicha dastlabki 3 oy uchun 26 foizdan va keyingi 3 oy uchun 14 foizdan hisoblanishi, xuddi shuningdek, onlayn qabul qilingan depozit pul mablagʻlari boʻyicha esa mos ravishda 26,09 va 14 foizdan hisoblanishi maʼlum boʻlgan.
Qoʻmita bu harakat orqali bank tomonidan omonatning muhim shartlari reklama axborotida toʻliq ochib berilmagan, bu esa foydalanuvchilarning chalgʻishiga sabab boʻladi, deb hisoblagan. Yuqoridagilarni inobatga olib, “Reklama toʻgʻrisida”gi qonunning 16 va 43-moddalari hamda “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunning 6-moddasi talablari buzilishi alomatlari yuzasidan “Ipotekabank”ga nisbatan ish ochilgan.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Raqobat qoʻmitasi tomonidan “Maxam-Chirchiq” AJga nisbatan narxlarning asossiz oshirilishi yuzasidan, “Lukoil” kompaniyasiga nisbatan esa birjada narxlarni manipulyatsiya qilish alomati yuzasidan ish ochilgandi. Shuningdek, elektr hisoblagichlarining elektr tokini ortiqcha hisoblayotgani boʻyicha muammolarni hal etish uchun tezkor guruh tuzilgandi. Bundan tashqari, qoʻmita tomonidan madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning kiyim doʻkoni reklamasida qatnashishi yuzasidan oʻrganish ishlari olib borilayotgani maʼlum qilingan.