
UzAuto Motors 5-iyul kuni “Cobalt” uchun kontraktatsiya ochilishini e’lon qildi
5-iyul kuni soat 10:00 da avvalgi kontraktatsiya natijalariga ko‘ra, to‘lovi o‘z vaqtida amalga oshirilmagan, shuningdek, bekor qilingan shartnomalar uchun navbatdagi kontraktatsiya ochiladi.

UzAuto Motors kompaniyasi ertaga, 5-iyul kuni soat 10:00 da “Cobalt” rusumli avtomobillar uchun navbatdagi kontraktatsiya ochilishini e’lon qildi. Unga ko’ra, sotuv jarayoni avvalgi kontraktatsiya natijalariga ko‘ra to‘lovi o‘z vaqtida amalga oshirilmagan va bekor qilingan shartnomalar bo‘yicha olib boriladi.
Avtomobillarni xarid qilish uchun shartnoma tuzish savdo.uzavtosanoat.uz sayti orqali amalga oshiriladi.
Kompaniya avtomobil xaridi uchun tuzilgan shartnomalar bo‘yicha to‘lov yetti kalendar kuni ichida amalga oshirilishi kerakligini eslatib o‘tdi.
“Aks holda, mazkur shartnomalar avtomatik ravishda bekor qilinib, kontraktatsiyaga qayta qoʻyiladi. Shu munosabat bilan UzAuto Motors avtoixlosmandlardan tuzilgan shartnomalar boʻyicha toʻlovlarni oʻz vaqtida amalga oshirishlarini so‘raydi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o’tamiz, “Cobalt” uchun avvalgi kontraktatsiya 2024-yil 21-iyun kuni ochilgan edi. Unda bir kun ichida 25 ming dona avtomobil sotilgan.





