O‘zbekistonga 2024-yilning yanvar-sentabr oylari mobaynida tushgan pul o‘tkazmalari hajmi 11,3 milliard dollarni tashkil qildi va bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 34,8 foizga oshganini ko‘rsatmoqda. Bu haqda 31-oktabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov ma’lum qildi.
Joriy yilning eng yuqori ko‘rsatkichi iyul oyiga to‘g‘ri kelib, 1,78 milliard dollar kelib tushgan bo‘lsa, umumiy tushum miqdori 10 oy mobaynida 12,5 milliard dollardan oshgan. O‘tkazmalarning asosiy qismi Rossiyadan tushgan bo‘lib, ushbu mamlakatdan kelgan mablag‘lar 35 foizga o‘sib, 8,75 milliard dollarni tashkil qildi. Biroq, Rossiyadan kelgan pullarning umumiy ulushi yilning birinchi yarim yilligidagi 77 foizdan 75,3 foizgacha qisqargan.
Rossiyadan tashqari, Janubiy Koreyadan kelgan pul o‘tkazmalari miqdori 420 million dollarga (76 foizga) oshgan. Shuningdek, Qozog‘istondan 625 million dollar, AQShdan 415 million dollar, Turkiyadan 291 million dollar, Buyuk Britaniyadan 93 million dollar (67 foizga o‘sish), Polsha va BAAdan ham pul tushumlari sezilarli darajada ortgan.
Eslatib o‘tamiz, 2022-yil oxirida Rossiyadan keladigan pul o‘tkazmalari umumiy tushumning 87 foizini tashkil etgan bo‘lsa, 2023-yilda bu ko‘rsatkich 78 foizgacha pasaygan edi. Jahon banki buni Rossiyadagi o‘zbekistonlik migrantlar sonining qisqarishi, so‘mning rublga qadri ortishi va Rossiyadagi inflyatsiya bilan izohlagan edi.
Hozirda Prezident Shavkat Mirziyoyevning ko‘rsatmasiga ko‘ra, 100 ming fuqaroni xorijda ishlashga tayyorlash va jalb qilish rejasi amalga oshirilmoqda. Shu maqsadda Germaniya, Janubiy Koreya, Polsha, Buyuk Britaniya kabi davlatlarda mehnat qilish uchun 50 mingta bo‘sh ish o‘rinlari ochildi va migrantlarni qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rilmoqda.


