Namangandagi olis qishloqlardan birida ilk bor ichimlik suvi chiqarildi
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Aholi turmush tarzini rivojlantirishga ko‘maklashish Respublika “Taraqqiyot” markazi hamkorligida, Yaponiyaning “Global WASH Initiative” JTI SA jamg‘armasining grant mablag‘lari hisobidan Namangan viloyati Kosonsoy tumanidagi “Soycha” MFYda ichimlik suvi chiqarildi. Mahallaning 5000 dan ortiq aholisi ilk bor ichimlik suvi bilan ta'minlandi. Kommers.uz ushbu loyiha haqida batafsil ma'lumot beradi.
Qurilish va uy-joy va kommunal xo‘jaligi vazirligi, Aholi turmush tarzini rivojlantirishga ko‘maklashish Respublika “Taraqqiyot” markazi hamda Yaponiyaning “Global WASH Initiative” JTI SA jamg‘armasi bilan hamkorlikda O‘zbekistonning olis hududlari aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlash hamda sanitariya loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyiha 2024-2026-yillarga mo‘ljallangan bo‘lib, Yaponiya kompaniyasi tomonidan moliyalashtirilmoqda.
Ushbu loyiha doirasida 2024-2026-yillarda Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlarining olis hududlaridagi aholi, shu jumladan, maktab, bog‘cha va tibbiyot muassasalarini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, mahalliy ichimlik suvi tizimlarini boshqarish va barqarorligini ta’minlash maqsadida ichimlik suvi tashkilotlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, ichimlik suvi, sanitariya, gigiyena ko‘nikmalarini yaxshilash hamda iqlim o‘zgarishining salbiy ta’sirini kamaytirish maqsadida qishloq aholisining bu boradagi salohiyatini oshirish uchun treninglar o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Loyiha doirasida qishloqlarni tanlab olish uchun bir qancha mezonlar belgilab olingan. Xususan:
- qishloq aholisining soni kamida 4000 nafardan iborat bo‘lishi;
- aholining ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyoji;
- aholining loyihani amalga oshirishda ishtirok etishga tayyorligi;
- suv orqali yuqadigan kasalliklar holati ko‘pligi;
- muqobil ichimlik suvi manbalarining mavjudligi va hokazolar.
Loyiha doirasida yangidan qurilgan ichimlik suvi tizimlari mustaqil ravishda aholiga xizmat ko‘rsatadi. Shuningdek, bu orqali 24 mingdan ortiq aholi, jumladan, maktablar va tibbiyot muassasalari toza ichimlik suvi bilan ta’minlanadi hamda sanitariya holati yaxshilanadi. Shu bilan birga, qishloq aholisining ichimlik suvi, sanitariya va gigiyena (WASH) hamda iqlim o‘zgarishining atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha xabardorligi oshiriladi. Ichimlik suvi ta’minoti bo‘yicha mahalliy boshqaruv ta’minlanadi hamda moliyaviy shafoff hisobot tizimi, audit va monitoringi shakllantiriladi.
Loyiha doirasida Farg‘ona vodiysidagi 6 ta mahallaning 20 mingdan ortiq aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlash rejalashtirilgan. Buning uchun JTI kompaniyasi 2 mln dollardan ziyod mablag‘ ajratmoqda.
Shu maqsadda 16-oktyabr kuni Qurilish vazirligida mazkur loyiha taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda Yaponiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi janob Xatori Takashi, JTI kompaniyasi vakillari va keng jamoatchilik ishtirok etdi. Tadbirning ochilishida so‘zga chiqqan qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari Ozoda Jo’rayeva mamlakatimizda suv munosabatlarini tartibga solish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar xususida ma’lumot berdi.
“Suvning har qanday ko‘rinishi, u xoh sug‘orish suvi bo‘lsin, xoh ichimlik suvi aholining turmush darajasini belgilovchi asosiy omil hisoblanadi. Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “Inson qadri uchun” g‘oyasi asosida aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash va ularga oqova suvlarni chiqarib yuborish xizmatlarini ko‘rsatishni kengaytirish borasida ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. So‘nggi 7 yilda sohaga 1 milliard dollardan ziyod byudjet mablag‘lari ajratilib, aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanlash darajasi 63,9 foizdan 77,3 foizgacha yetkazildi. Ushbu ishlar joriy yilda ham davom ettirilib, davlat byudjetidan ajratilgan 1,4 trln so‘mga 755 km uzunlikdagi ichimlik va 262 km uzunlikdagi oqova suv tarmoqlari tortilishi hamda 78 ta ichimlik va 37 ta oqova suv inshootlari qurilib, aholining ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasini 81 foizga yetkazish maqsad qilingan. Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasiga asosan 2030-yilgacha aholining 90 foizini markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlash belgilangan”, – deydi vazir o‘rinbosari.
Taqdimot yakunida tadbir qatnashchilari Namangan viloyati Kosonsoy tumanidagi “Soycha” mahallasiichimlik suvi bilan ta’minlashni ramziy ravishda boshlab berishdi. Shu tariqa ushbu mahallada istiqomat qiluvchi 5000 mingdan ortiq aholi ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlandi.