1-dekabrdan ipoteka kreditlari uchun onlayn arizalar qabul qilinadi
1-dekabrdan uy-joy ta'miri uchun ipoteka kreditlari bo‘yicha onlayn arizalar qabul qilinadi. Fuqarolar 120 million so‘mgacha bo‘lgan kredit olish imkoniyatiga ega bo‘lib, jarayon “Onlayn mahalla” platformasi orqali amalga oshiriladi.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 1-dekabrdan boshlab uy-joyni yaxshilash uchun ipoteka kreditlariga arizalar topshirish mumkin bo‘ladi. Ushbu dastur doirasida fuqarolar yakka tartibdagi uy-joy qurish, rekonstruksiya va ta’mirlash uchun 120 million so‘mgacha kredit olishlari mumkin. Kreditlar 20 yilgacha, 18% stavka bilan ajratiladi.
Fuqarolarga arizalarni “Onlayn mahalla” platformasi orqali topshirish imkoniyati yaratiladi. Kredit olishda «Mahalla yettiligi» tavsiyasi muhim bo‘lib, ariza hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi va boshqa mahalla vakillari tomonidan ko‘rib chiqiladi. Tasdiqlangan arizalar asosida mablag‘ ajratiladi.
Kredit olish shartlari:
– 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi bo‘lishi;
– Oylik daromadi to‘lovlarni qoplash uchun yetarli bo‘lishi;
– Kredit yuki ko‘rsatkichi 60%dan oshmasligi;
– Ilgari ipoteka subsidiyasidan foydalanmagan bo‘lishi.
Ariza topshirishda hech qanday hujjat talab qilinmaydi, barcha jarayon avtomatlashtirilgan. Kreditlar “Agrobank”, “Xalq banki”, “Mikrokreditbank” va “Biznesni rivojlantirish banki” orqali ajratiladi.
Foiz stavkasining 12%dan ortiq qismiga subsidiya berilib, boshlang‘ich to‘lovning bir qismini qoplash imkoniyati mavjud. Bu dastur uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj oilalarga katta yordam bo‘lishi kutilmoqda.