Prezident ijtimoiy himoya sohasida yig‘ilish o‘tkazdi — asosiy ma’lumotlar
2025-yildan 118 ming yoshni to‘garaklarda o‘qitish va 3,5 ming nafarni oliy ta’limga grant asosida qabul qilish rejalashtirilmoqda. Kambag‘al oilalarning 460 ming a’zosiga tibbiy yordam ko‘rsatish va 6 ming oilaning uy-joy sharoitlarini yaxshilash ko'zda tutilgan. Jarrohlik amaliyoti uchun185 milliard so‘m ajratilishi belgilandi.
13-dekabr kuni Prezident raisligida o‘tkazilgan ijtimoiy himoya sohasidagi ishlar natijalari va kelgusi yil uchun ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda kambag‘al oilalarga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish masalalari ko‘rib chiqildi.
Unga ko’ra, kambag‘al oilalar farzandlariga chet tili, IT va kasb-hunar o‘rgatish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi. Mas’ullarga
1-martgacha to‘garaklar tashkil etib, kambag‘al oilalardagi 118 ming yoshlarni o‘qitishni boshlash vazifasi topshirildi. To‘garak xarajatining 80 foizigacha byudjetdan qoplanadi. Kambag‘al oilalar farzandlarini tayyorlab, 3,5 ming yoshni oliy ta’lim muassasalariga grant asosida qabul qilish zarurligi ta’kidlandi. Oliy o‘quv yurtlari rektorlari ham kambag‘al oilalardan jami 4 ming nafar yoshni o‘qitishga mas’ul bo‘ladi.
Shuningdek, kambag‘al oilalardagi o‘zi harakatlana olmaydigan 23 ming kishiga ota-onasi, turmush o‘rtog‘i, farzandlari, aka-ukasi yoki opa-singlisi qarayotgani aytilib, kelgusi yildan mahallalardagi ijtimoiy xodimlar va xususiy sektor ishtirokida bu odamlarning 19 mingiga uyida, 4 mingiga kunduzgi qatnov asosida parvarish xizmati ko‘rsatiladi. Yaqinlariga qarab turgan 15 ming aholining ishlashiga sharoit yaratiladi. Bu tajriba Toshkent shahrida 1-martgacha, boshqa hududlarda yil yakunigacha yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.
Kambag‘al oilalardagi 460 ming kishi tibbiy yordamga, 6 mingta oila esa uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj. Shu bois, muhtoj odamlarning jarrohlik amaliyoti uchun Tibbiy sug‘urta jamg‘armasiga qo‘shimcha 185 milliard so‘m ajratiladi. «Ijtimoiy daftar»lardagi mablag‘ faqat kambag‘al oilalarning yashash sharoitini yaxshilash, tibbiyot, ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish va daromadini oshirishga sarflanadi. Adolatli bo‘lishi uchun, endi bu mablag‘lar tumandagi kambag‘allar soniga qarab taqsimlanadi. Ijtimoiy daftarlardagi mablag‘ning 30 foizini tuman hokimlariga «Inson» markazlari bilan hamkorlikda mahalladagi uy-joy, yo‘l, suv va elektr ta’minotini yaxshilash uchun ishlatish imkoniyati beriladi.
Hozirgi kunda 400 ta ko‘p qavatli ijtimoiy uyda 25 ming aholi istiqomat qilmoqda. Biroq, ularning yaqin qarindoshlari va odatdagi yashash sharoitidan ancha uzoqlashib qolayotgani ta’kidlandi. Shu munosabat bilan ehtiyojmand aholini bitta ijtimoiy uy-joyga joylashtirishdan voz kechiladi. Ularga o‘z mahallasiga yaqin joydagi uyni ijaraga olishga ruxsat berilib, ijara xarajatlari qoplab beriladi. Ijtimoiy himoya agentligi direktori M.O‘lloyevga bu borada tegishli topshiriqlar berildi.
Prezident fuqarolar 65 turdagi ijtimoiy xizmat va yordam olish uchun 10 dan ortiq hujjatni ko‘tarib yurishga majbur ekanligi va bunday ovoragarchilikka chek qo‘yish vaqti keldi, deya ta’kidlab, barcha hujjatlarning o‘rnini bosadigan yagona ijtimoiy karta joriy etilishini e’lon qildi. Ijtimoiy karta bilan avtobus va metroda bepul yurish, elektr, gaz va o‘qish xarajatlariga kompensatsiya olish mumkin bo‘ladi, nafaqa va yordam pullari ham shu karta orqali to‘lanadi. Bu tizim 1- iyulgacha Toshkent shahrida va Yangiyo‘l tumanida sinovdan o‘tkaziladi, yil yakuniga qadar barcha hududlarda ishga tushiriladi.