Toshkentda jamoat transporti xizmatlari 24 soatlik rejimga o‘tkazilishi mumkin
Toshkentda jamoat transporti xizmati tun-u kun ishlash rejimiga oʻtkazilishi kutilmoqda. Bu qaror poytaxtdagi tungi transport xizmatlari yetishmasligini bartaraf etish va tungi iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan.
Toshkent shahrida jamoat transporti (avtobuslar, metro, tramvay) xizmati 24 soat ishlash rejimiga o‘tkazilishi mumkin. Bu taklif, Strategik islohotlar agentligi tomonidan ishlab chiqilgan va tungi iqtisodiyot sohasidagi xorijiy tajribalar o‘rganilgan holda tayyorlangan.
Hozirda poytaxtda avtobuslar 05:00 dan 23:00 gacha, metro esa 05:00 dan 00:00 ga qadar xizmat ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, tungi vaqtlarda shaxsiy yo‘nalishsiz taksi xizmatlari orqali transport talablarini qondirishga harakat qilinmoqda, ammo jamoat transportining faoliyati yo‘q. Toshkentda jamoat transportini 24 soatlik rejimga o‘tkazish, ayniqsa tungi soatlarda ko‘plab aholi va turistlar uchun qulaylik yaratadi.
Tungi iqtisodiyotni rivojlantirish borasida shuningdek, madaniyat, san’at va sport muassasalari faoliyatining kengaytirilishi taklif etilmoqda. 2025-yil 1-fevralga qadar tungi iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun ishchi guruh tuzilishi, shuningdek, “Tungi Toshkent” elektron platformasini yaratish rejalashtirilgan. Ushbu platformada tunda faoliyat yuritayotgan maskanlar, transport yo‘nalishlari va maxsus takliflar haqida ma’lumotlar taqdim etiladi.
Dunyo tajribasiga qaraganda, Londonda tungi iqtisodiyotdan yillik 44 mlrd dollar, Nyu-Yorkda 35 mlrd dollar, Dubayda 29 mlrd dollar, Sidneyda esa 3,8 mlrd dollar iqtisodiyotga tushum keltirgan. Ushbu shaharlarda tungi iqtisodiyotning rivojlanishi uchun alohida hududlar ajratilgan, 24 soat faoliyat yuritadigan transport yo‘nalishlari va xavfsizlikni ta’minlash uchun maxsus patrul xizmatlari tashkil etilgan. Toshkentda ham, tungi iqtisodiyotni rivojlantirish va turizm salohiyatini oshirish maqsadida, alohida hududlar belgilab, tungi faoliyat zonalari tashkil etilishi ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, shaharda gastronomik ko‘chalar, tungi klublar, muzeylar va sport majmualarining faoliyatini kengaytirish rejalashtirilmoqda. Bularning barchasi mahalliy va xorijiy turistlarga yangi imkoniyatlar yaratadi. Toshkentda tungi iqtisodiyotni rivojlantirishga yo‘naltirilgan qonun va farmonlar ishlab chiqilishi, shuningdek, iqtisodiy va madaniy salohiyatni oshirish uchun tegishli normativ-huquqiy asoslar yaratish zarurligi aytilgan.