Samarqand shahrida hisobchi 6,4 milliard so‘m mablag‘ni qimor o‘yinlarida yutqazgan
Samarqand shahrida tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini himoya qilish bo‘yicha o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv natijasida "Ph.l." MChJda hisobchi lavozimida ishlagan B.M. tomonidan 6,4 milliard so‘m mablag‘ning noqonuniy yo‘l bilan o‘zlashtirilgani aniqlanib, ushbu mablag‘ qimor o‘yinlarida yutqazilgan.
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining bergan xabariga ko’ra, B.M. bank elektron kalitlaridan foydalanib, MChJning mablag‘larini soxta ma’lumotlar bilan rasmiylashtirib, o‘z nomiga ochilgan plastik kartalarga o‘tkazib olgan. Ushbu mablag‘lar keyinchalik internetdagi qimor o‘yinlarida yutqazilgan.
Holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.