“Sun’iy intellektning cho‘qintirgan otasi”ga Nobel berildi
Sun’iy intellekt texnologiyasi bo‘yicha xizmatlari uchun Nobelni qo‘lga kiritgan Jeffri Xinton aynan SI xavflari haqidagi xavotirlari sababli Google kompaniyasidan ishdan ketgandi.
Shvetsiya Qirollik Fanlar Akademiyasi an’anaviy ravishda Nobel mukofoti laureatlarini e’lon qilib bormoqda. 9-oktyabr kuni fizika yo‘nalishida 2024-yilgi Nobel mukofoti sovrindorlari nomi e‘lon qilindi. Bular: amerikalik Jon Hopfild hamda kanadalik Jeffri Xinton bo‘lib, ular sun’iy intellekt bo‘yicha amalga oshirgan ishlari uchun ushbu mukofotga loyiq ko‘rildi.
“Sun’iy intellektning cho‘qintirgan otasi” deb aytilagan Xinton mukofotni olishidan “hayratlanganini” aytdi. Undan tadqiqoti rivojlanishiga yordam bergan texnologiyaning potensial ahamiyati haqida so‘ralganda, u sun’iy intellekt jamiyatlarga «juda katta ta’sir ko‘rsatishi»ni aytib o‘tdi.
“Bu sanoat inqilobi deb atash mumkin. Ammo sun’iy intellekt jismoniy kuch bo‘yicha oshib ketish o‘rniga intellektual qobiliyatda insoniyatdan ilgarilab ketadi. Bizning (odamlar) o‘zimizdan ko‘ra aqlliroq narsalarga egalik qilish bo‘yicha hali tajribamiz yo‘q», deydi u.
E’tiborlisi, 2013-yildan 2023-yilga qadar Google’da faoliyat yuritgan Jeffri Xinton aynan sun’iy intellekt texnologiyasining xavflari haqidagi xavotirlari sababli kompaniyadan ketgan.
Garchi Xinton o‘z iste’fosini yoshi o‘tib qolgani (o‘sha paytda 75 yoshda edi) bilan izohlagan bo‘lsa-da, aslida u odamlarni “xavf”dan ogohlantirish hamda sun’iy intellekt xavfsizligi masalalari haqida o‘z-o‘zini senzura qilmasdan gapira olish uchun Google’dan ketgan edi.
Xinton ushbu texnologiya sog‘liqni saqlash sohasida inqilob qilishini hamda «samaradorlikning favqulodda yaxshilanishini» bashorat qilgandi. Bu esa o‘z isbotini toobora topib bormoqda. O‘z navbatida u sun‘iy ong bilan bog‘liq narsalar nazoratdan chiqib ketish xavfi haqida ham tashvishlanishga chaqirgan.